NARSISS
Narsissizm odamning oʻzi bilan masofasiz yaqinligi, yaʼni oʻziga masofa qoʻya olmasligi. Samimiylik jamiyatida sahna masofasini sira bilmaydigan narsissik subyektlar yashaydi. Sennet bu haqda shunday yozadi. «Narsiss tajriba izlamaydi, u kechinma istaydi, roʻparasidan chiqqan hamma narsada oʻzini yashamoqchi boʻladi. Shuning uchun u har munosabatni, har sahnani qadrsizlantiradi (…).» Sennetga koʻra, narsissik buzilishlar shuning uchun koʻpayadi, «chunki bugungi jamiyat ichki ifoda jarayonlarini psixologiya asosida quradi va alohida odamning oʻz chegarasidan tashqaridagi mazmunli ijtimoiy munosabat tuygʻusini yemiradi». Samimiylik jamiyati odam oʻzidan qochib, oʻzini unutishi mumkin boʻlgan marosim va tantana belgilarini yoʻq qiladi. Narsissik subyekt oʻziga chegara qoʻya olmaydi. Uning borligʻining chegaralari xiralashadi. Shuning uchun barqaror oʻz qiyofasi ham paydo boʻlmaydi. Narsissik subyekt oʻzi bilan shu qadar qoʻshilib ketganki, oʻzi bilan oʻynay olmaydi. Depressiyaga tushgan Narsiss oʻzi bilan chegarasiz yaqinligida choʻkib ketadi. Narsissni oʻzidan uzoqlashtiradigan boʻshliq ham, kimsasizlik ham yoʻq.
“Shaffoflik jamiyati“ | Byung-Chul Han
abdukarimmirzayeveng.substac…
1
487
Oʻzi bilan urushayotgan inson abdukarimmirzayeveng.substac…
“Yo‘qotilgan avlod” atamasi bu bir majoz emas, bu bir qarordir. Mablag‘ni to‘xtatib qo‘yganlarning, e’tiborini boshqa tomonga qaratganlarning va “buni keyin hal qilamiz” deydiganlarning chiqargan qaroridir.
open.substack.com/pub/abduka…
3
650
"O‘zingni hech sinab ko‘rmaysanmi? Nimaligingni, kimligingni bilmay o‘lib ketaverasanmi?"
Ahmet Hamdi Tanpinar
Bir finjon uyg‘oqlik
Qahva icharkanman, bu satrlarni yozyapman. Oddiy bir tong. Finjon issiq, uning hovuri yuzimga uryapti, birinchi qultumdayoq tanglayimda o‘sha tanish achchiq ta’m qolyapti. Bir necha daqiqadan so‘ng miyamda kichik bir tiniqlik paydo bo‘ladi, tuman tarqaladi, dunyo biroz oydinlashadi. Bu men qila oladigan eng oddiy, eng avtomatik ishdir. Shu tongda milliardlab insonlar xuddi shunday qildilar. Biroq biz diqqat qilmaymiz, bu kichik finjon ichida ming yillik bir tarix yashiringan.
Bu qora suv meni uyg‘otadi. Xo‘sh, nima uchun?
Qahvaning ilk vatani Yaman darveshlarning hujralari. O‘n beshinchi asrda Shoziliya tariqati darveshlari kechalari bedor bo‘lish uchun qahva ichishardi. Nima uchun bedorlik?. Zikr uchun. Tunda, hamma uxlab yotganida, Allohni zikr qilish uchun. Uyqu g‘olib kelmasin, qalb g‘aflatga botmasin deya. Bir darvesh finjonni qo‘liga olganida, dunyoga emas, dunyodan nariga uyg‘onishni xohlardi. Qahva, eng boshida, bir ibodat vositasi edi.
Keyin qahva yo‘lga chiqdi. Makkaga, Qohiraga, Istanbulga yetib bordi. Besh yuz yil avval ilk qahvaxonalar shu yerlarda ochildi, yopildi, taqiqlandi va yana qayta ochildi. Negaki, har qanday hokimiyat insonlar to‘planib suhbatlashadigan joydan xavfsiraydi. Yevropaga yetib borganida esa, qahva butunlay yangi bir narsaga aylandi. Qahva "hushyorlik" ichimligiga aylandi. Sharob va pivodan xiralashgan aqlni tiniqlashtiruvchi modda bo‘ldi. Mayxonada inson mast bo‘lardi, qahvaxonada esa hushyor tortardi. Va hushyor aqllar gapirishni, bahslashishni, gazeta o‘qishni boshladilar.
Aqlga tayanadigan, unvon emas, dalil talab qilinadigan suhbatlar asosan qahvaxonada dunyoga keldi. Inglizlar bu joylarni "penni universitetlari" deb atashardi. Bir chaqaga bitta qahva va uning ustiga bir olam g‘oyalar. Ma’rifatparvarlikning, uyg‘onish davrining yoqilg‘isi ayni shu edi. Darvesh Yaratgan uchun uyg‘oq edi, faylasuf esa tafakkur uchun. Bugun-chi?. Bugun qahva bizni nima uchun uyg‘otmoqda? T.S. Eliot yuz yil avval tortinchoq bir odamning tilidan “Hayotini qahva qoshiqlari bilan o‘lchagan bir odam”, deya yozgandi. Uning qahvasi na ibodat, na aql edi. U kechiktirilgan, tortinchoq, mayda bir hayotning metronomi edi. Bugun ko‘pchiligimiz qahvani aynan shuning uchun ichamiz. Ulgurish uchun. Xatlarga javob yozish, majlisda qatnashish, smenani tugatish, hayot charxpalagini aylantirish uchun. Ming yillik uyg‘oqlik an’anasi bitta unumdorlik vositasi darajasiga tushib qoldi.
Yerni haydash uchun tonggi qahvasini ichayotgan dehqon, tungi smenadagi hamshira, kasal bolasining tepasida bedor o‘tirgan ona. Ularning o‘z vazifasi yo‘lidagi uyg‘oqligi ham muqaddas emasmi? "Ibodatga, tafakkurga uyg‘onish", "ishga uyg‘onish"dan ustunroqdir deyish oddiy mehnatkashga nisbatan qilingan kibrli bir mensimaslik bo‘lishi mumkin. Yarim tunda chaqalog‘ini emizayotgan onaning qahvasi, darveshning qahvasi qadar muqaddasdir. Buni inkor etish yozilgan ushbu matnning o‘z manmanligiga asir tushishini anglatadi.
U holda masala ishmi, tafakkurmi, aqlmi deganida emas. Masala shundaki, men biror aniq maqsad sari uyg‘oqmanmi yoxud shunchaki uyg‘oqmanmi? Chunki uyg‘oqlikning yana bir turi borki, u eng xavflisidir. Na Yaratganga, na aqlga, na ishga, hech narsaga qaratilmagan uyg‘oqlik. Kofeinga to‘yingan, ekranga yopishgan, hamma narsaga sergak, biroq hech qayerda ruhan mavjud bo‘lmagan bir holat. Go‘yoki "yoniq", ammo bir ishga yaramaydigan uskuna kabi. Darvesh ham, faylasuf ham, hamshira ham qandaydir bir maqsadga qarab uyg‘oq edi. Bizning asrimizning xastaligi maqsadsiz uyg‘oqlikdir. Ochiq, ammo hech qayerga boqmayotgan ko‘z kabi.
Boshiga qaytamiz. Yozgunimcha qahvam sovidi. Sovigan qahvamni icharkan Efiopiyada, Kolumbiyada tongotar-otmas o‘sha qahva donalarini tergan qo‘llar, qoplarni tashigan yelkalar, qovurgan, qadoqlagan, tashib keltirgan o‘nlab ko‘rinmas insonlar haqida ham oʻylayman. Mening sokinligim, uygʻoqligim boshqalarning uyg‘oqligidan to‘qilgan bir zanjirning eng so‘nggi halqasidir.
Uyg‘oqman.
5
863
“Ko’pchiligimiz yaraning borligini inkor etib yashayapmiz. Bomdod azonini eshitamiz, yarim soat o’tgach Instagram’da yarim yalang’och bir reklamaga layk bosamiz va hech qanday ziddiyatni his qilmaymiz. Bu hissizlik yutuq emas. Bu hissizlik katta yo’qotishdir.”
Koʻrsatuvni toʻliq koʻrish uchun havola: youtu.be/lXYj1FpFnVM?si=CjAj…
9
900
Agar inson yashash istagini yo‘qotsa, unga qaytadan umid bag‘ishlash uning yaqinlari zimmasiga tushadi. Ammo boshqalarni va o‘zini yo‘q qilish istagi yirik jamoalarni qamrab olganida esa, bunga chora topish bizning, zamondoshlarining, boshqa insonlarning zimmasiga tushadi. Buni birdamlik tuyg‘usi orqali qilmasak-da, hech bo‘lmaganda hayotda omon qolish istagi bilan qilishimiz kerak.
Amin Maaluf “Sivilizatsiyalar halokati”
Umidsizlik yuqumlidir. Bir insonning ko‘zlaridagi so‘niqlik yonidagiga o‘tadi. Bir jamiyatning taslim bo‘lishi qit’alarga yoyiladi.
Maaluf dengizlar, devorlar, chegaralar endi hech narsani to‘xtatib qola olmasligini, umidsizlik xuddi bir muhojir kabi, pasportga ehtiyoj sezmasdan va so‘ramasdan, jimgina joylashib olishini aytmoqda.
"Hech bo‘lmaganda hayotda qolish istagi bilan qilishimiz kerak". “Hech bo‘lmaganda”. Bu ikki so‘z meni larzaga soladi. Birdamlik tuyg‘usidan ham umidini uzgan bir odam, so‘nggi chora sifatida xudbinligimizga yuzlanmoqda. O‘zingiz uchun qiling, deydi. O‘zgalar uchun qila olmasangiz, hech bo‘lmaganda o‘zingiz g‘arq bo‘lmaslik uchun qiling.
Tun ancha qorong‘i...
Gap shundaki, umidsizlik jamoaviy kasallik bo‘lsa, umid ham jamoaviy harakat bo‘lishi shart. Yolg‘izning umidvor bo‘lish yetarli emas.
Nazarimda sivilizatsiyalarning halokati umidsiz insonlarning birin-ketin bu dunyoni jimgina tark etishi bilan boshlanadi.
Abdukarim Mirzayev kundaliklaridan
5
711














